Kashfiyotlar, ixtirolar va ilm-fan yutuqlari
Kashfiyotlar va ixtirolar, fan texnika yangiliklari, fizik va ximik olimlar, qurilamlarning ishlashi, turli dvigatellar haqida, fizik hodisalar, Flash dasturida tayyorlangan o'yinlar, fizik hodisalar virtual labaratoriyasi, Flash test o'yinlari, jahon ilmiy tadqiqot markazlari, eng qiziqarli masalalar, Matematika, fizika, astronomiya, geometriya, ilm-fan haqida hikmatlar, hadislar, oyatlar va boshqa ko'plab malumotlar hamda maqolalar
- asosiy sahifa - - sayt haqida - - biz bilan bog'lanish -

ilm-fan rivojiga hissa qo'shgan kashfiyotchi olimlar va ixtirochilar hayoti.

LEONARDO DA VINCHI
Universal bilim sohibi

Universal bilim sohibi, serqirra ijodkor va kashfiyotchi, Leonardo da vinchi (1452-1519) Italiyadagi uyg’onish davrining eng buyuk arboblaridan edi. Uning otasi badavlat shaharlik bo’lib, onasi oddiy dehqon qizi edi. Leonardo da vinchi har tomonlama qobiliyatli kishi edi – u daho rassom va olim, muhandis – ixtirochi, arxitektor va haykaltarosh, musiqachi va shoir edi.
Leonardo da vinchi bolalik chog’idan boshlab o’zini hamisha ishtiyoq bilan mehnat qilishga, mehnatni sevishga odatlantirdi. Qiyinchiliklar uning irodasini buka olmasdi – uchragan qiyinchiliklarni yengish uchun u o’zida kuch-quvvat topardi. U o’z shogirdlariga: “Baxt qunt bilan ko’p mehnat qilgan kishiga keladi” – deb aytardi.
Rassomlik san’atini Leonardo da Vinchi san’atning asosiy turi deb hisoblar edi. U rassomlik san’ati yordamida odamlar dunyoni bilib oladi deb, bu san’atga tadqiqotchi sifatida yondashar edi. Buyuk olim inkivizitsiyaning g’azabiga uchrashidan qo’rqmay, yashirin ravishda murdalarni yorib ko’rardi; u rasmlarda odamning gavdasini to’g’ri tasvirlash uchun uning tana tuzilishini bilib olishga harakat qilardi. Leonardo da Vinchi chizgan rasmlarida uning o’zi sevgan va kuzatgan hayot tasvirlangan. U uzoq- uzoq vaqt ko’cha va chorrahalarda yurib odamlarni diqqat bilan kuzatar va ularning rasmini naturadan (o’ziga qarab) chizardi. Bu rasmlarda odamning tana harakati, ularning xafalik yoki shodlik alomatlarini juda ustalik bilan tasvirlardi va bu rasmlar odamni o’ziga jalb etardi.
Leonardo da Vinchi yorug’likning soyaga aylanishini eng nozik, sezilar –sezilmas farqlarini g’oyat yuksak mahorat bilan aks ettirardi. Uning chizgan chizgan rasmlarida narsalarning tashqi ko’rinishi xiraroq rang bilan yumshatilgan. U tasvirlagan narsalarining hajmi haqidagi taassurotga ularning yorug’ va soya joylarini muvofiq rangda aks ettirish bilan erishardi. Buning natijasida rasm xuddi asl qiyofasidek ko’rinardi.
Leonardo da Vinchi rassom sifatida hamma narsadan ko’ra ko’proq kishilarga va ularning ruhiy kechinmalariga ko’proq e’tibor berardi. Leonardoning chizgan rasmli “Mona Liza” (yoki“Jokonda”) – shaharlik yosh juvon portreti butun jahonga mashhurdir. Rassom bu rasmda yosh juvonning faqat tashqi qiyofasinigina emas, balki xarakterini, kayfiyatini ham juda yaxshi aks ettirgan. Leonardo da Vinchi o’z ilmiy kashfiyotlari va farazlari bilan o’z zamondoshlarida ancha oldinga o’tib ketdi. U kuzatishlar asosida ilmiy xulosalar chiqardi. U ko’proq “Donishmandlik – tajriba mahsuli” deb o’z shogirdlariga uqtirardi. U shunday der edi: “Hayotda mehnat qilgan insonga samarali o’lim nasib etadi, xuddi kun bo’yi ishlab samarali uyquga ketgan kishidek”. “Matematikaga asoslanmagan har qanday ilm safsatadir”
U dengiz suvining ko’tarilishi va pasayishini, qushlarning uchishini kuzatardi, ko’zning tuzilishini o’rganardi. U asosan, tabiat o’ta murakkab biror qonun asosida yartilgan va uni boshqarayotgan qandaydir kuch mavjud deb bilardi.
Leonardo da Vinchi fan yordami bilan kishilarning mehnatini yengillatishni orzu qilardi va bu borada ko’p ishlarni amalgam oshirdi. Zamondoshlari unga muhandisligi uchun ham yuksak baho berardilar: uning loyihasiga binoan Milan shahrini ichimlik suvi bilan ta’minlaydigan kanal qurildi, ko’priklar qurildi.
Leonardoning yozuv daftari turli rasmlar va chizmalar bilan to’la edi. Bu daftarlarda: tokarlik va to’qimachilik dastgohlari ham, ip yigirish charxi ham, yer kovlagich mashinalarini ham, turbinalar va yuk ko’targich asboblarni ham ko’rish mumkin. Leonardo da vinchi parashyut va vertolyot, suv osti kemasi va g’avvoslar kiyimi loyihasini tuzgan.
Leonardo da Vinchi oriyatli zo’r va mustaqil fikrli kishi bo’lgan. O’z davridagi amaldorlarning va rahbarlarning adolatsizligi Leonardoga yoqmagan. Chunki u haqqoniylikni sevardi, haqiqatparvar edi. Shu sababdan bo’lsa kerak, U butun umr bo’yi sarson –sargardonlikda yurib, begona yurtda, Fransiyada vafot etdi.

manba: Jahon Tarixi 7-sinf


Da Vinchining yangi sirlari yoki 500 yildan so‘ng amalga oshgan kashfiyotlar

Italiyalik buyuk rassom va haykaltarosh Leonardo da Vinchiga dunyoni hayratda qoldirish uchun birgina "Mona Liza"ning o‘zi kifoya qilgan edi. Lekin Leonardoning olamni anglashga bo‘lgan qiziqishi uning o‘z davridan ancha ilgarilab ketishiga sabab bo‘ldi. Uning mexanika va boshqa bir qator sohalarda amalga oshirgan kashfiyotlari xuddi betakror asarlari kabi yuksak e'tirofga loyiqdir. Qizig‘i shundaki, uning faqat bir kashfiyotigina hayotlik chog‘ida to‘la ma'noda tan olingan va amaliyotga tatbiq etilgan ekan. Leonardoning hayot yo‘li qiyinchiliklar, inqirozlarga to‘liq. Uning o‘nlab kashfiyotlaridan olimning tavallud sanasidan 555 yil o‘tib ham foydalanib kelinayotgani esa ana shu zahmatlarning mevasidir.

Tan olingan yagona kashfiyot
Yuqorida aytilganidek, olimning faqat birgina kashfiyoti uning hayotlik chog‘ida tan olingan. Bu - to‘pponcha uchun chaqmoq zatvor. Avvaliga bu mexanizmning qo‘llanish doirasi juda tor edi, lekin XVI asr o‘rtalariga kelib, u zodagonlar, ayniqsa, suvoriylar orasida juda ommalashib ketdi. To‘pponcha uchun mo‘ljallangan chaqmoq zatvor shu darajada mukammal ediki, hatto uni XIX asrda ham uchratish mumkin bo‘lgan.
Lekin ulug‘larning buyuk ishlari ba'zan ular vafotidan so‘ng o‘z e'tirofini topadi. Da Vinchining ko‘plab kashfiyotlariga qo‘shimchalar kiritilib, takomillashtirildi. Hozir esa ularning aksariyatidan kundalik hayotimizda, bunga Leonardo da Vinchi chizmalari asos bo‘lganligini xayolimizga ham keltirmay, foydalanamiz.

Konditsioner besh asrlik tarixga ega
Masalan, Leonardo da Vinchi havoni siqib, uni quvurlarga haydovchi qurilma yaratgan. Mazkur kashfiyotning qo‘llanish doirasi juda katta: pechlarni qizdirishdan tortib, xona ventilyatsiyasigacha.

G‘avvoslar kiyimining birinchi ko‘rinishi
Leonardo - insonning suv ostida uzoq muddat qolishi imkoniyatlarini o‘rgangan birinchi olim emasdi. Masalan, Leon Battista Alberti Nemi ko‘li tubidagi ayrim Rim kemalarini yuzaga olib chiqishni rejalashtirgan. Leonardo esa quruq rejalardan ancha o‘zib ketdi. U suv o‘tmaydigan teridan tayyorlanuvchi g‘avvoslik kiyimi loyihasini yaratgan. Mazkur kiyimda g‘avvosning suv yuzasiga chiqishini osonlashtiradigan, ichi havo bilan to‘ldirilgan katta ko‘krak cho‘ntagi bo‘lishi kerak edi. Leonardoning g‘avvosi nafas olish uchun egiluvchan naycha bilan ta'minlangandi. Mazkur naycha uning shlemini suv yuzasidagi suzuvchi qubba bilan bog‘lab turgan.

Vertolyotning "bobokalon"i
Ma'lumki, Leonardo da Vinchi, shuningdek, hozirgi vertolyotlarning "bobokalon"i chizmalarini ham ishlab chiqqan. Uning loyi¬hasiga ko‘ra, parrak radiusi 4,8 metrni tashkil etishi kerak edi. U metall hoshiya va kanop surpdan qilingan qoplamaga ega bo‘ladi. Parrak o‘q atrofida aylangan va odamlar tomonidan harakatga keltiriladi.
«O‘ylashimcha, agar bu parrakli mexanizm puxta tayyorlansa, ya'ni mato kraxmallangan (yirtilib ketmasligi uchun) bo‘lsa va tez aylantirilsa, u holda mashina havoda bemalol turib, balandlikka uchib chiqa oladi», - deb yozadi da Vinchi.

O‘zi harakatlanadigan arava
Leonardoning mashhur suratlaridan birida avtomobilning qadimgi ishlanmalari aks etgan. O‘zi harakatlanadigan arava murakkab arbalet mexanizmi yordamida oldinga siljishi lozim bo‘lgan. Bu mexanizm rulga birlashtirilgan qurilmalarga energiya yetkazib berishi ko‘zda tutilgan. Orqa g‘ildiraklar differentsiyalangan uzatmalarga ega bo‘lib, ular mustaqil ravishda harakatlana olgan. To‘rtinchi g‘ildirak rul bilan birlashtirilgan bo‘lib, uning yordamida aravani boshqarish mumkin edi. Dastlab mazkur transport vositasi qirollik saroyi ahlining vaqti chog‘ligi uchun mo‘ljallangan va o‘rta asrlar hamda Uyg‘onish davri muhandislari tomonidan yaratilgan o‘zi harakatlanuvchi boshqa mashinalar jumlasiga kiritilgan.

500 yil avval o‘ylangan ko‘prik
Olimning ayrim kashfiyotlarini insoniyat endi-endi sinab ko‘rishga kirishdi: masalan, Norvegiyaning As shaharchasida 2001 yilda Leonardo da Vinchi loyihasi bo‘yicha 100 metrli piyodalar ko‘prigi bunyod etildi. Bu olim tomonidan yaratilgan so‘nggi besh yuz yil ichida amalga oshirilgan birinchi arxitektura loyi¬hasi bo‘ldi. Leonardo da Vinchi bu inshootni turk sultoni uchun loyihalashtirgan edi. Ko‘prik Istanbuldagi Oltin Shox qo‘ltig‘idan o‘tishi ko‘zda tutilgan. Agar mazkur loyiha amalga oshganda u o‘z davrining eng uzun ko‘prigi bo‘lardi. Biroq Leonardo o‘z loyihasini hayotga tatbiq etish imkoniyatiga ega bo‘lmadi. Sulton Boyazid II florentsiyalik rassomning taklifidan voz kechdi.
Bu ko‘prik 8 metr balandlikda "Ye-18" avtotrassasi ustidan o‘tkazilgan bo‘lib, piyodalar o‘tish joyi sifatida xizmat qiladi. Uning qurilishida Leonardoning faqat bir talabi buzildi - ko‘prik 500 yil avvalgi loyihada ko‘rsatilganidek, toshdan emas, yog‘ochdan bunyod etildi.

12 qo‘l uzunligiga teng parashyut
Leonardo da Vinchining fikricha, «agar odamda pishiq matodan tayyorlangan, har bir tomoni 12 qo‘l uzunligiga teng, balandligi ham xuddi shunday soyabon bo‘lsa, u har qanday balandlikdan sakrashi va sog‘-omon qolishi mumkin». Uning o‘zi mazkur qurilmani sinovdan o‘tkazishga ulgurmadi. Lekin 2000 yil dekabr oyida Buyuk britaniyalik parashyutchi Adrian Nikolas Janubiy Afrikada Leonardo da Vinchi chizmalari asosida tayyorlangan xuddi o‘sha parashyut bilan havo sharidan sakrab ko‘rdi. 3 ming metr balandlikdan sakragan shovvoz barchasini muvaffaqiyatli amalga oshira oldi.

Qutqaruv chambaragi
Suzishni o‘rganishda eng muhim narsa - qutqaruv chambaragidir. Leonardoning bu kashfiyoti deyarli o‘zgarishsiz qo‘llanilmoqda.
Suzishni tezlashtiruvchi pardali qo‘lqoplar loyihasi olimning yana bir ajoyib topilmalaridan biridir. Ular bugungi kunda hammaga ma'lum lastlarga aylangan.

Ekskovatorni ham-a?
Ishonish qiyin, biroq ishchilar mehnatini yengillashtirish uchun Leonardo ekskovatorni o‘ylab topgan. Ular qazib olingan materialni tepaga ko‘tarish va tashish vazifasini bajargan. Olimlarning fikricha, ekskovatorlar Arno daryosini ajratish loyihasi uchun kerak bo‘lgan.
O‘shanda kengligi 18 metr, uzunligi 6 metr bo‘lgan handaq qazilishi kerak edi. Kashfiyotchining shu ish uchun ishlagan rasmlaridan ko‘rish mumkinki, ko‘tarma kran o‘qlari 180 darajaga aylana olgan va kanalning butun kengligini egallagan. Ekskovator relslarga o‘rnatilgan bo‘lib, vaqti-vaqti bilan oldinga surib turilgan.

Boshqarish mumkin bo‘lmagan kashfiyot
2002 yilda Buyuk Britaniyada buyuk Leonardo da Vinchining yana bir kashfiyoti amalga oshirildi. Aniqroq aytadigan bo‘lsak, rassomning asl chizmalariga muvofiq yaratilgan deltaplanning sinovlari amalga oshirildi.
Deltaplanerizm bo‘yicha jahon chempioni Judi Liden sinovlarda da Vinchining «protodeltaplan»ini 10 metr balandlikka ko‘tarishga va bu balandlikni 17 soniya ushlab turishga muvaffaq bo‘ldi. Apparatning chindan ham ishlayotganini ko‘rsatish uchun shuning o‘zi kifoya edi.
O‘rta asr deltaplani yuqoridan qush skeletini eslatadi. Ammo tan olish kerak, u hali mukammallikdan yiroq. «Uni boshqarishning deyarli iloji yo‘q edi. Men shamol qaysi tomonga essa, o‘sha tomonga uchardim va uni umuman boshqarolmasdim. Ehtimol, tarixda birinchi avtomobil sinovchisi ham o‘zini shunday his qilgandir», - deydi Judi. Insoniyat bugungi bilimlarini asrlar davomida quduqni igna bilan qazigandek to‘plagan. Har bir tsivilizatsiya binosining o‘z bun¬yodkorlari bo‘lishi, tabiiy. Agar xuddi kinolarda bo‘lganidek, zamonlararo harakatlanishning imkoni bo‘lganda, Leonardo da Vinchi hayotidagi har bir kuzatish, u amalga oshirish uchun mashaqqat chekkan har bir kashfiyot, loyiha bugun insonlar hayotini qay darajada yengillashtirganini ko‘rib, bizga o‘sha tanish nim tabassumni hadya etgan bo‘lardi, balki.

manba: ZiyoUz.com


Mona Liza (Jokonda)

Jokonda. Rasmdan bizga yosh ayol miyig’ida kulib, sokin va o’ychan boqib turibdi. Ko’z oldingizda yuz qiyofasi o’zgarayotgandek bo’lib ko’rinadi: unda goho xayolchanlik, goh sirli istehzo, goho esa yashirin g’amginlik namoyon bo’ladi. Keng ochiq peshonasi, salgina qisiq ko’zlari, yelkasidan pastga tushib turgan silliq sochlari, tanasining hayron qolarli ravishda bir tekistaligi va tabiiy ko’rinadi.


saytdagi barcha olimlar haqida o'qish
keyingi sahifadagi olimlar =>
ilm fan rivojiga hissa qo'shgan olimlar hayoti
kashfiyotchilar va ixtirochi olimlar.

Aziz birodarlar! kelinglar, hayotimizni ilm bilan bezaylik !

Vosidiy Muslim tomonidan tayyorlandi. *** iqtibos olganda sayt manzili (http://kashfiyotlar.narod.ru) ko'rsatilishi shart.
Qo'shimcha taklif va mulohazalar yuborishingiz mumkin.. e-mail: leonardo73@rambler.ru
This template was provided free by www.free-templates.org

Hosted by uCoz